Ru De En

Bolalar salomatligini asrash yo‘lida

O‘zbekistonda 8-9 yoshli bolalarni virusli gepatitning B turiga qarshi emlash haftaligi boshlandi.

Yosh avlodni barkamol insonlar etib tarbiyalash Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridandir. Bu borada sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, xususan, bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.

Davlatimiz rahbarining 2011 yil 28 noyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tubdan takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, mamlakatimizda epidemiologik holat barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Yurtimizda aholini yuqumli kasalliklarga qarshi emlashning milliy taqvimiga binoan barcha bolalar emlashga to‘la qamrab olinmoqda. Natijada o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, jumladan, qoqshol, difteriya, poliomiyelit kabi xastaliklarning oldi olinmoqda. Sariq, qizamiq, qizilcha, ko‘kyo‘tal, tepki kabi yuqumli kasalliklarni keskin kamaytirishga erishildi. Mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqaror saqlanib, aholi, xususan, bolalar salomatligi tobora mustahkamlanmoqda.

O‘zbekistonda 23-28 yanvarda o‘tkazilayotgan virusli gepatitning B turiga qarshi emlash haftaligidan ko‘zlangan maqsad bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish va aholi salomatligini muhofazalashdan iborat.

Ushbu emlash haftaligini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida joylarda to‘qqiz yarim mingdan ziyod brigada va besh yarim mingdan ko‘proq emlash punktlari tashkil etildi. Bu jarayonda ishtirok etadigan vrach va hamshiralar maxsus tibbiy tayyorgarlikdan o‘tdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, gepatit B o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, jigar faoliyatining buzilishiga olib keladi. Natijada sirroz va o‘sma xastaligi kelib chiqishi mumkin. Mamlakatimizda bu kasallikning oldini olish maqsadida 2009 yildan boshlab bolalar an’anaviy tarzda to‘rt marta emlanmoqda. 8-9 yoshli bolalarni gepatit B ga qarshi takroriy emlash bolalarning immunitetini yanada mustahkamlash va tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maxsus sertifikati bilan kafolatlangan zamonaviy emlash vositalari tegishli tibbiy-sanitariya qoidalari asosida joylarga yetkazib berildi.

– Oilaviy poliklinikamiz o‘ttiz ikki ming nafardan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadi, – deydi poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 51-oilaviy poliklinika bosh shifokori o‘rinbosari Nodira Musayeva. – Milliy reja asosida o‘tadigan emlash ishlariga bolalar to‘la qamrab olinmoqda. Virusli gepatitning B turiga qarshi emlash haftaligi ham yuqori saviyada, uyushqoqlik bilan o‘tmoqda. Bu jarayonga hududimizdagi besh maktab va 31-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilaridan jami 474 nafar o‘quvchi qamrab olingan. Ularni emlash maqsadida yigirma nafarga yaqin tibbiyot xodimi olti guruhga bo‘linib ish olib borayotir. Emlash brigadalari bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida ishlatiladigan tibbiy asbob-uskunalar va yetarli miqdordagi vaksinalar bilan ta’minlangan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lum qilishlaricha, 28 yanvarga qadar davom etadigan emlash haftaligida sakkiz yuz ming nafardan ziyod 8-9 yoshli o‘g‘il-qiz B virusli gepatitga qarshi takroran emlanadi. Bu tadbirlar yosh avlodning salomatligini mustahkamlash, yurtimizda epidemiologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Bahor Xidirova

 

uza.uz


© Все права защищены 2026г. E-mail: journal@medicalexpress.uz