Tibbiy xizmat sifati va ko‘lami oshmoqda
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularda xizmat ko‘rsatish sifatini zamon talablari asosida tashkil etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Andijon viloyati Baliqchi tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli Chinobod shifoxonasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi qayta ta’mirlanib, zamonaviy shart-sharoitga ega bo‘ldi. Bu yerda, shuningdek, 30 o‘ringa mo‘ljallangan jarrohlik bo‘limi barpo etildi. Tibbiyot birlashmasiga qarashli poliklinika ham kayta rekonstruksiya qilinib, ko‘p tarmoqli poliklinikaga aylantirildi. Tibbiy muassasaning alohida isitish va kir yuvish binolari qurildi. Ushbu qurilish-montaj ishlari “Ixtisoslashgan Shahrixon qurilish” xususiy korxonasi jamoasi tomonidan bajarildi.
Baliqchi tumani tibbiyot birlashmasining Chinobod shifoxonasi bosh shifokori Umarali Shamsiddinovning aytishicha, muassasaning yangi UZI, laboratoriya jihozlari, raqamli rentgen apparati kabi 22 turdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jixozlanishi natijasida tashxis qo‘yish va davolash ishlari samaradorligi yanada oshgan.
Xursandbek Arabboyev (surat).