Pediatriya sohasiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, O‘zbekiston pediatrlar assotsiatsiyasi tomonidan mamlakatimiz pediatriya sohasi yutuqlari va istiqbollariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.

Sog‘liqni saqlash sohasi rahbarlari, olimlar, shifokorlar qatnashgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori D.Ahmedova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda sog‘lom avlodni tarbiyalash, tug‘ish yoshidagi ayollar va qizlar salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilishning milliy tizimi yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarda pediatriya xizmati takomillashtirilib, reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, samarali perinatal yordam, chaqaloqlarning birlamchi reanimatsiyasi, bolalar kasalliklarini davolashga oid dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda MDH mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib “Ona va bola skriningi» Davlat dasturining hayotga tatbiq etilayotgani davolash muassasalarini eng zamonaviy uskuna va jihozlar, dori-preparatlar bilan ta’minlash, irsiy va tug‘ma xastaliklarning oldini olishda muhim omil bo‘lmoqda.
«Mustahkam oila yili» Davlat dasturi doirasida onalar va bolalar salomatligini yanada yaxshilashga oid ijtimoiy-sog‘lomlashtirish aksiyalari, ixtisoslashtirilgan tibbiy ko‘riklar, ma’rifiy anjumanlar tashkil etilmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda muntazam o‘tkazilayotgan bolalar, o‘smir qizlar, farzand ko‘rish yoshidagi ayollarni sog‘lomlashtirish haftaliklari aholi salomatligini yanada yaxshilash, mutaxassislarning o‘zaro fikr va tajriba almashishi, malakasini oshirishga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bolalar kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlash, tashxis, davolash va profilaktika ishlarini yanada yaxshilash imkonini bermoqda. Mazkur markaz va uning filiallarida tibbiy ko‘makka muhtoj bolalar ilmiy asoslangan holda davolanayotir.
– Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan shifo maskanimizda bir yo‘la 320 nafar bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatish va davolash imkoniyati mavjud, – deydi Samarqand viloyatidagi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizov. – Bolalarda uchraydigan tug‘ma nuqsonlar, endokrin, buyrak, murakkab ichki kasalliklar samarali davolanmoqda.
Konferensiyada ijtimoiy pediatriyaning dolzarb vazifalari, bolalar salomatligini yaxshilashda aholi tibbiy madaniyati va psixologik jarayonlarning o‘rni, dori-darmonlarni oqilona qo‘llash uslublari kabi masalalar muhokama etildi.
Nazokat Usmonova.
.jpg)
.jpg)
Фото: С. Камиловой.