Ibn Sino avlodlari
Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazidagi Ibn Sino haykali poyida “Talabalikka bag‘ishlov” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, talabalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti professori, O‘zbekiston Qahramoni H.Komilov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlar jarayonida aholi salomatligini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Mustaqilligimizning 21 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazining Kardiojarrohlik majmuasi mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning amaldagi yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Bu boradagi islohotlarning izchilligini ta’minlashda puxta bilim va malakaga ega mutaxassislarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi tibbiy ta’lim muassasalarida mashg‘ulotlar o‘qitishning eng zamonaviy uslublari, ilg‘or pedagogik texnologiyalarga asoslangan holda olib borilmoqda. Jumladan, Toshkent pediatriya tibbiyot institutida ham talabalar bilim va ko‘nikmalarini oshirishi, jahon tibbiyotining ilg‘or texnologiyalaridan foydalanishi, zamonaviy davolash usullarini egallashi uchun barcha sharoit yaratilgan. Institut kafedralari ixtisoslashtirilgan tibbiy-ilmiy markazlar va yetakchi klinikalar bazasida joylashgani darslarni amaliyot bilan bog‘liq holda tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Tadbirda test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga qabul qilingan talabalar ulug‘ ajdodlarimiz asos solgan ilmiy maktabni yanada rivojlantirishga, kelajakda xalqimiz salomatligi yo‘lida fidokorona mehnat qilishga tantanali ravishda qasamyod qildilar.
– Tib ilmining sultoni, bobokalonimiz Ibn Sino haykali poyida qasamyod qabul qilganimiz katta ramziy ma’noga ega, – deydi birinchi kurs talabasi Ilyos Bobomurodov. – Bu bizni buyuk ajdodimizga munosib bo‘lishga, chuqur bilim olib, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishga undaydi.
Talabalar akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazining Kardiojarrohlik majmuasi faoliyati bilan tanishdilar. Bu yerda yaratilgan sharoitlar shifokor bo‘lishni maqsad qilgan intiluvchan yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Z.Jonibekov
.jpg)
.jpg)
.jpg)
.jpg)
.jpg)
.jpg)
Фото корр. "Medical Express"